Men
haqimda
“Nima bilan shug‘ullanasiz?” degan savolga bitta so‘z bilan javob berish men uchun hali ham qiyin. Chunki hayotimda dasturlash, tarix, tillar, biznes, siyosat va texnologiya hech qachon bir-biridan butunlay ajralmagan.
Bitta qiziqishga sig‘magan yo‘l
Mening ismim Odilbek Madaminov. Hayotimning turli davrlarida dasturlash, tarix, tillar, biznes, geografiya, siyosat va texnologiya yonma-yon yashadi. Ba’zan ulardan biri asosiy o‘ringa chiqdi, keyin boshqasi ustun keldi. Vaqt o‘tib, ular men o‘ylaganchalik bir-biridan uzoq emasligini tushundim.
Kompyuter va texnologiyalar bilan ancha erta shug‘ullana boshladim. Taxminan 12 yoshimda birinchi saytimni yaratdim. O‘sha paytda ortida katta reja yo‘q edi. Sayt, tugma, forma yoki biror tizimni ko‘rsam, uning narigi tomonida nima borligini bilish shunchaki qiziq edi.
ITning ikki dunyosi
Avval oddiy saytlar, keyin WordPress, HTML, CSS, JavaScript va PHP bilan ishladim. Tayyor elementlardan sahifa yig‘ishning o‘zi kamlik qila boshlagach, PHP’da funksiyalar, skriptlar, plaginlar, kichik tizimlar va integratsiyalar yozdim. Ba’zan jarayonni avtomatlashtirish, ba’zan onlayn kurs xaridini yo‘lga qo‘yish, ba’zan esa WordPressning standart ishlash tartibini o‘zgartirish kerak bo‘lardi.
To‘qqizinchi sinfdan maktabni bitirgunimga qadar ITning boshqa tomoni ham hayotimda muhim o‘rin tutdi. Informatika olimpiadalarida qatnashdim, C++ va Python’da algoritmik masalalar yechdim. To‘qqizinchi va o‘n birinchi sinflarda tuman bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladim.
Shu davrda Yandex Lyceum’da Python o‘rgandim, Android Development kursini tamomladim va C++ bilan shug‘ullandim. Bir tomonda algoritmlar, vaqt va xotira cheklovlari bo‘lsa, ikkinchi tomonda saytlar, plaginlar, mijozlar va real biznes vazifalari bor edi. IT men uchun bir vaqtning o‘zida shu ikki dunyoda mavjud edi.
Men milliy darajadagi juda kuchli olimpiadachi bo‘lmaganman. Shunga qaramay, masalaga uzoq vaqt tikilib o‘tirib, nihoyat yashirin qonuniyatni topish zavqi menga juda yoqardi. Olimpiadalar menga birinchi yechim har doim ham eng yaxshi yechim emasligini o‘rgatdi.
Koddan tashqaridagi real ish
Maktabda o‘qib yurgan paytimdayoq tijoriy loyihalarni ola boshladim. Kompaniya saytlari, ta’lim loyihalari, internet do‘konlari va texnik yordam bilan ishladim. Keyinchalik AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Polsha, Ruminiya, Moldova, Ukraina, Rossiya, Belarus, Tailand, O‘zbekiston va boshqa bozorlardagi mijozlar hamda jamoalar bilan loyihalar paydo bo‘ldi.
Shunda real ish dasturlash bilan tugamasligini tushundim. Kod yaxshi yozilishi mumkin, ammo odamga aslida nima kerakligini anglamasang, natija unga foyda bermaydi. Gaplashish, savol berish, texnik jihatlarni sodda tushuntirish, ba’zan bahslashish, ba’zan o‘z yechiming noto‘g‘ri bo‘lganini tan olish va ertalab ishlashi shart bo‘lgan narsani tunda tuzatish kerak bo‘ladi.
Haqiqiy odamlar bilan ishlash texnologiyaga bo‘lgan qarashimni o‘zgartirdi. Uni maqsad emas, muammoni hal qilish vositasi sifatida ko‘ra boshladim.
Mahsulot yaratish va Ukam Message
Bizneslar bilan ishlagan sari yangi savollar paydo bo‘ldi. Nega bir mahsulotni sotib olishadi, boshqasini esa yo‘q? Mijozlar qayerda yo‘qoladi? Menejerlar odamlar bilan qanday gaplashadi? Nega bir interfeys tushunarli, boshqasi esa noqulay? Bir payt kelib texnik topshiriqni shunchaki bajarishdan ko‘ra, qanday mahsulot yaratish kerakligini o‘zim hal qilish qiziqroq bo‘lib qoldi.
Shu tariqa Ukam Message paydo bo‘ldi. G‘oya juda amaliy edi: biznesning Telegram, Instagram, WhatsApp, Facebook va boshqa kanallardagi xabarlari tarqoq, bir nechta xodim javob beradi, ayrim murojaatlar yo‘qoladi, kim nimaga mas’ul ekani tushunarsiz bo‘lib qoladi. Biz mijozlar bilan muloqot va CRM vositalarini bir joyga jamlaydigan tizim qura boshladik.
Ukam meni dasturlash chegarasidan ancha uzoqqa olib chiqdi. Bizneslar bilan gaplashish, sotish, potensial mijozlar bilan intervyu o‘tkazish, mahsulotni taqdim etish, xodim izlash, suhbatlar o‘tkazish, dasturchilar, dizaynerlar va menejerlar bilan ishlashga to‘g‘ri keldi. Ba’zan bir oy davomida zo‘r deb o‘ylagan funksiyangni mijoz besh daqiqada keraksiz deb ko‘rsatadi. Ba’zan esa mayda tuyulgan detal butun tizimdan foydalanishga xalaqit berayotgani ayon bo‘ladi.
Ukam bilan IT Park’ning Startup Base intensiv dasturidan o‘tdik, grant ko‘magini oldik va tanlovlarda qatnashdik. “Ixtirochilikka qadam” respublika tanlovida loyihamiz ikkinchi o‘rinni egalladi. Buxoroda kuchli ixtisoslashtirilgan va Prezident maktablari o‘quvchilari bilan birga bir necha kun yashab, loyihani tunlari ham takomillashtirganimiz men uchun alohida tajriba bo‘ldi.
Ungacha bir necha yil informatika olimpiadalari orqali respublika bosqichiga chiqishni orzu qilgan, ammo har safar oldinroq to‘xtagan edim. Keyin esa butunlay boshqa yo‘nalish orqali respublika darajasiga yetib bordik. Bu natija menga yuqori darajadagi odamlar ham oddiy insonlar ekanini ko‘rsatdi. Kimdir juda kuchli, kimdir aynan shu vazifaga yaxshiroq tayyorlangan. Shundan keyin raqobatlasha olmaydigan alohida “o‘ta kuchli odamlar” toifasi bor degan tasavvurim ancha kamaydi.
Raqamlar ortidagi tajriba
15 yoshimda bir davrda oyiga qariyb 80 ming kishi foydalangan raqamli xizmatni ishga tushirdim. Keyinroq AQSH bozoriga mo‘ljallangan loyiha uchun yaratilgan tizim ustida ishladim. U bir necha oy ichida 70 ming AQSH dollaridan ortiq natijaga erishishga yordam berdi.
Bu raqamlarning o‘zidan ko‘ra, xonangda kompyuter ortida yaratgan narsangdan minglab kilometr uzoqdagi odam foydalanishi va u real natija olishi men uchun muhimroq edi.
Xalqaro ish dunyo haqidagi tasavvurimni ham o‘zgartirdi. Maktab o‘quvchisi bo‘la turib boshqa davlatlardagi odamlar bilan pul, muddat va mahsulot haqida gaplashsang, turli vaqt mintaqalari va madaniyatlar bilan ishlasang, dunyo asta-sekin kichrayadi. Boshqa mamlakatlar xaritadagi nuqta bo‘lib qolmaydi.
Tillar va Avstriya rejasi
O‘zbek tili ona tilim, rus tilini deyarli erkin bilaman. Ingliz tilimning katta qismi darsliklardan emas, IT, interfeyslar, hujjatlar, videolar, mijozlar va ish orqali shakllandi.
Nemis tili bilan tarix boshqacha bo‘ldi. Uni 2024 yilda deyarli noldan o‘rganishni boshladim. Tilning ohangi, nemis musiqasi va madaniyati meni kuchli qiziqtirdi. Rammstein tingladim, nemis nutqini ko‘p eshitdim va asta-sekin erkinroq gapira boshladim. 2025 yilda telc Deutsch B2 sertifikatini oldim.
Nemis tili aniq bir reja bilan bog‘liq edi. Bir necha yil Avstriyada, TU Wien universitetining informatika yo‘nalishida o‘qishni istadim. Avstriya men uchun faqat universitet emas, mustaqil hayot, yangi do‘stlar, Yevropa bo‘ylab sayohatlar, tillar, loyihalar va o‘z hayotimni mustaqil qurish timsoli edi.
Oiladagi moliyaviy sharoit sababli ko‘chishni kechiktirishga to‘g‘ri keldi. Men Toshkentda qoldim va University of World Economy and Diplomacy, ya’ni UWEDning Xalqaro munosabatlar yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Bir necha yil tasavvur qilgan yo‘ling qisqa vaqt ichida o‘zgarsa, bunga ko‘nikish oson emas. Ammo keyin xalqaro munosabatlar hayotimda tasodifan paydo bo‘lmaganini angladim.
Xalqaro munosabatlarga tasodifan kelmadim
Tarix, siyosat, geografiya va davlatlar qanday ishlashi meni universitetdan ancha oldin qiziqtirgan. Ikki yoki uch soatlik tarixiy tahlillarni shunchaki qiziq bo‘lgani uchun ko‘rardim. Urushlar, siyosiy qarorlar, davlatlarning parchalanishi va iqtisodiyot haqida uzoq bahslashishim mumkin edi. Hearts of Iron kabi strategik o‘yinlar ham menga aynan sabab va oqibatlarni ko‘rish imkonini bergani uchun yoqardi.
Menga voqea sodir bo‘lganini bilishning o‘zi yetmaydi. Nega aynan shunday bo‘ldi? Nega bir davlat urush boshladi, boshqasi neytral qoldi? Nega ayrim xalqaro tizimlar o‘nlab yil yashab, keyin qulaydi? Qanday qilib kichik davlat kattaroq davlatga ta’sir ko‘rsatadi? Nega bir valyuta jahon puliga aylanadi? Sanksiyalar qachon ishlaydi? Texnologiya siyosatni qanday o‘zgartiradi?
Avval alohida tuyulgan qiziqishlarim shu yerda birlashdi. IT menga xalqaro biznesni ko‘rsatdi. Tadbirkorlik biznesning davlat, qonun va iqtisodiyotga qanchalik bog‘liq ekanini anglatdi. Boshqa mamlakatlardagi mijozlar jamiyatlar o‘rtasidagi farqlarga qiziqish uyg‘otdi. Tillar turli axborot makonlarini ko‘rish imkonini berdi. Tarix esa meni siyosat va xalqaro munosabatlarga olib keldi.
Hozir UWEDda xalqaro munosabatlar tarixi, diplomatiya, siyosatshunoslik va keyinchalik iqtisodiyot, geosiyosat hamda xalqaro munosabatlar nazariyalarini tizimli o‘rganishni boshlayapman. Bu yo‘nalishga boshqa sohalarda orttirgan tajribam bilan kelganim menga yoqadi. Sanksiyalar, xalqaro savdo, texnologik kompaniyalar yoki internet tartibga solinishi haqida gap ketganda, bular men uchun faqat mavhum nazariya emas. Biznesning platformalar, davlatlar, to‘lov tizimlari, qonunchilik va uzoqda qabul qilinadigan qarorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rganman.
Nega YABEK paydo bo‘ldi?
YABEK hozir meni nimalar qiziqtirishini eng yaxshi ko‘rsatadigan mualliflik loyihasidir. U tarix, xalqaro munosabatlar, geosiyosat, iqtisodiyot, texnologiya va biznes haqida.
Men uni “ekspert Odilbek hozir sizga haqiqatni aytadi” degan formatda qurmoqchi emasman. Menga o‘zim uchun tushunarsiz bo‘lgan savolni olish, unga chuqurroq kirish, manbalarni topish, turli dalillarni solishtirish va keyin tushunganlarimni boshqalarga sodda tilda aytib berish qiziqroq.
Masalan, “Nega Shveytsariya neytral?” degan savolga “u doim tinch davlat bo‘lgan” deb javob berish yetarli emas. Marignano jangini, Vestfaliya tinchligini, Napoleon urushlarini, 1815 yilda buyuk davlatlar nega bu neytrallikni tan olganini va bu maqom bugun qanday ishlashini ko‘rish kerak.
Yoki zamonaviy savolni olaylik. Nega davlatlar internetni tobora kuchliroq nazorat qilishga urinmoqda? Nega Rossiya raqamli suverenitet haqida gapiradi? Nega Xitoy o‘nlab yillardan beri boshqa internet ekotizimida yashaydi? Bolalarni himoya qilish uchun joriy etilayotgan yosh va shaxsni tasdiqlash tizimlarida xavfsizlik bilan nazorat o‘rtasidagi chegara qayerda?
Jarayonning o‘zi menga yoqadi. Avvaliga bitta oddiy fikr bo‘ladi. O‘qishni boshlaganingdan keyin dastlabki taxmin juda sodda ekanini ko‘rasan, qarshi dalil topasan, ssenariyni o‘zgartirasan. So‘ng hammasini odam 15 daqiqada bemalol ko‘radigan, lekin o‘zini universitet ma’ruzasida o‘tirgandek his qilmaydigan hikoyaga aylantirishga urinasan.
Buni aynan o‘zbek tilida qilish men uchun muhim. Tarix, siyosat va iqtisodiyot haqidagi bilimlarimning katta qismini rus va ingliz tillaridagi internetdan oldim. O‘zbek tilidagi sifatli, chuqur va uzoq formatdagi intellektual materiallar ko‘paymoqda, ammo hali ham kam. Men navbatdagi yangiliklar kanalini, quruq ma’ruzalarni yoki chet ellik mualliflarning o‘zbekcha nusxasini yaratmoqchi emasman. Maqsadim asta-sekin o‘z uslubimni topish.
Bitta nom tanlash shart emas
Bu qiziqishlar aralashmasi meni qayerga olib borishini hozircha bilmayman. Bir necha yildan keyin asosiy yo‘nalishim yana biznes, xalqaro munosabatlar yoki texnologiya bo‘lishi mumkin. Balki YABEK ancha katta loyihaga aylanar. Balki bularning barchasi hayotimda birga qoladi.
Avvallari odam bitta kasbni tanlab, butun shaxsiyatini uning atrofida qurishi kerak deb o‘ylardim. Hozir esa o‘zimni sun’iy ravishda “dasturchi”, “xalqaro munosabatlar talabasi”, “tadbirkor” yoki “muallif” degan alohida qismlarga bo‘lish uchun sabab ko‘rmayman.
Dasturlash, mahsulot yaratish, biznes, davlatlar, tarix, xalqaro siyosat va tillar bir-biriga ta’sir qiladigan dunyoda men uchun eng qiziq savol o‘zgarmaydi: nega hammasi aynan shunday ishlaydi?
YABEK men hamma narsani allaqachon tushunib bo‘lganimni ko‘rsatadigan joy emas. Aksincha, tushunishda davom etishim mumkin bo‘lgan joy.